
Garri Potter
«Odamovilar» xiyobonidagi 4-uy sohiblari mister va missis Dursllar:»Xudoga beadad shukurlar boʻlsinki, xonadonimizdagi hayot tinch va bir maromda kechmoqda», – deya maqtana olishlari bilan gʻururlanishadi.
…
…
Mana oʻn toʻqqiz yildirki, chandiq Garrini bezovta qilmayapti.
Ishlar joyida.
Ushbu ikki gap orasida boʻlar-boʻlmas gaplar emas, missis J.K.Rouling qalamiga mansub, polkovnik mister Sh.Dolimov tomonidan(ruschadan oʻzbekchaga) tarjima qilingan, naq 7 qismdan iborat, mister Potterning sarguzashtlari aks etgan, oʻqigan odamga huzur-lazzat ichimligidek taʼsir qiladigan romanlar toʻplami mavjud. Men ushbu baxtga 250 ming atrofidagi mablagʻ, 2 oy va 9 kun vaqt sarflagan holda sazovor boʻldim. Bu asar qandayligini bilmadimu, lekin shunchaki romanlar toʻplami emasligi aniq.
Asarni yakunlayotgan kunlarim bir niyat uygʻondi: «Xudo hoxlasa, nasib qilsa missis J.K.Rouling bilan uchrashsam, unga chuqur minnatdorlik bildirib qoʻyaman. Shuncha zavqni ulashgani uchun!» Hozir esa gʻoyibona tashakkur bilan cheklanaman.
Rahmat sizga! Katta rahmat!!!
Bundan tashqari kitobni ruschadan oʻzbekchaga mahorat ila tarjima qilgan polkovnik Sh.Dolimovga ham gʻoyibona tashakkur aytib qoʻymoqchiman. Har bir gap, badiiy tasvirlar, hazillar barcha-barchasi mohirlik bilan tarjima qilingan. Men tarjima ishlari boʻyicha mutahasis emasman, lekin gap bilan gapni farqiga bora olaman.
Rahmat sizga! Katta rahmat!!!
Yana bir narsani taʼkidlab oʻtishim kerak. Kitob filmidan koʻra kamida 3-4 barobar yaxshiroq. Misol uchun siz kitob oʻqiganingizda qahramonlarning ichki kechinmalarini yaxshiroq his qilasiz. Eng mayda detallargacha istamasangiz ham eʼtibor berasiz. Soʻz isboti bilan deganlaridek bir misol keltiraman. «Garri Potter» filmini koʻrganlardan kim Dambldorning koʻzoynagiga eʼtibor bergan? U qanday shaklda? Menimcha koʻpchilik eʼtibor bermagan. Uning koʻzoynagi yarim oy shaklida boʻlgan(ishonmaganlar tekshirib koʻrsin). Shunaqa gaplar… Qolgan tafsilotlarni esa asarni oʻqib bilib olishingizni maslahat beraman.
Izoh: yuqoridagi soʻzlar maqtanish uchun emas, kitob targʻibi uchun.
Oʻqing, huzurlaning, zavqlaning!