Yulduzli tunlar
Kutubxona
Asosiy Asarlar Yulduzli tunlar (I- qism) [Pirimqul Qodirov]
Asar yoki Muallif nomini kiriting…
Yulduzli tunlar (I- qism) [Pirimqul Qodirov]
Yulduzli tunlar (I- qism) [Pirimqul Qodirov]
Yulduzli tunlar (I- qism) [Pirimqul Qodirov]
Muallifdan
Bobur mirzoning hayoti va faoliyatiga oid mavzular ummonday cheksiz. Bu ummonda oʻnlab, yuzlab adabiy kemalar suzishi mumkin. «Yulduzli tunlar» ana shu majoziy kemalardan biri tarzida yuzaga keldi. Uni 1972-yilda ilk bor yozib nashrga topshirganimda togʻday bir yuk yelkamdan tushganday boʻlgan edi.
Lekin mustabid tuzum tazyiqi ostida roman olti yil chop etilmay yotdi. Bu yillar davomida oʻsha zalvarli yukni yana yelkamda koʻtarib yurganday boʻldim. Qoʻlyozmani koʻpgina mas’ul mutasaddilar, katta akademiklar oʻqib fikr aytishdi. Chop etish masalasi Qizil imperiya markazining ruxsati bilangina hal etilishi mumkin ekan. Qoʻlyozmaning satrma-satr tarjimasini Moskvada ham oʻqishib, yozma taqrizlar berishdi.
Xilma-xil fikr va mulohazalar changalzoridan tikanlarga tirnalib oʻtdim, yoʻlimdan adashib ketmaslik uchun doim tarix haqiqatiga, xususan — «Boburnoma»day asl manbalarga tayandim. Olti yil davomida romanga kiritgan yangi tahrirlarim koʻproq uning badiiy nuqsonlarini tuzatishga, tarix haqiqatini chuqurroq ochishga qaratildi.
1979-yilda rahmatli Sharof Rashidovning yordami bilan roman kitob boʻlib chiqdi. 1981-yilda unga Davlat mukofoti ham berilganligi mustabid tuzum zolimlarining qahrini keltirgan boʻlsa kerak. Ular «paxta ishi», «oʻzbek ishi» degan dahshatli tuhmatlar davrida Amir Temur va Bobur mirzoga qarshi yangi hujumlar uyushtirib, meni ham roman bilan birga loyqa sellar girdobiga tortib tushurishga urinib koʻrdilar.
Lekin jamoat fikri uygʻongan, istiqlolimiz tongi otayotgan paytlar edi. Prezidentimiz Islom Karimov Oʻzbekistonga rahbar boʻlgan kundan boshlab tarixiy adolatni tiklashga juda katta e’tibor berdi. Dilimizda armon boʻlib yurgan ezgu orzularning ushalishi uchun endi imkon yaratildi.
Bundan ellik yil burun talabalik yillarimda Bobur mirzoga ixlosmandlik menda Amir Temur asos solgan sulolaga qiziqish tufayli boshlangan edi. Bobur mirzo temuriylar sulolasini halokatdan qutqarib, asrdan-asrga, mamlakatdan-mamlakatga olib oʻtganligi, bu ulugʻ sulola Hind zaminida yana uch yuz yildan ortiq davr surganligi oʻsha yillardayoq dilimda hayrat va iftixor tuygʻusini uygʻotgan edi. Keyinchalik «Temur tuzuklari» bilan tanishganimda sohibqironning vasiyatlariga va ulugʻ bunyodkorlik an’analariga Bobur mirzo astoydil amal qilgani juda koʻp tarixiy voqealarda koʻzga tashlandi. «Temur tuzuklari»ni «Boburnoma»ga qiyoslab oʻqiganimda ularning orasida ruhiy va uslubiy yaqinlik borligini ham sezdim.
Ammo shoʻro davrida bu haqiqatlarni yozish — arining uyasiga choʻp tiqish bilan barobar edi. Chunki shoʻrolar har gal Amir Temurga qarshi hujum uyushtirganda nuqul Bobur mirzoni uning yoniga qoʻyib qoralashardi. Bu hujumlar elliginchi yillarda Bobur asarlari maktab darsliklaridan chiqarib tashlanganda bir xuruj qilgan, yetmishinchi yillarda «Temur tuzuklari» chop etilganda Moskvadan chiqadigan «Voprosu istorii» jurnali orqali jazava bilan davom ettirilgan, 1986-yilda Uchinchi plenum nomini olgan mash’um yigʻinda avjiga chiqarilgan edi.
Mana shu algʻov-dalgʻovlar sababli Bobur mirzo toʻgʻrisidagi romanning yozilishiga ilk bor turtki boʻlgan yuqoridagi tarixiy haqiqatni oʻsha davrda kitobxonlarga yetkazib berishning iloji boʻlmadi.
Ammo Amir Temur va Bobur mirzo orasidagi vorisiylikka, tarixiy, irsiy va ijodiy yaqinlikka bagʻishlangan boblar va lavhalarning romanda oʻz oʻrni bor edi, ular avvaldan rejalashtirilgan, dilda pishitilgan, qisman qoralab ham qoʻyilgan edi. Faqat oradan oʻnlab yillar oʻtgandan soʻng ularni syujet chiziqlariga uzviy bogʻlash, qaytadan avvalgi ijodiy jarayonlarga kirish koʻp vaqt va qunt talab qildi.
Nihoyat, romanning avvalgi nashrlariga kirmay qolgan boblar va lavhalar bu yil vaqtli matbuot sahifalarida chop etilib, jamoatchilikning nazaridan oʻtkazilgandan soʻng ushbu nashrga kiritildi.
Yillar davomida romandagi ayrim noaniqliklar va nuqsonlar haqida asosli tanqidiy fikrlar bildirilgan edi. Zokirjon Mashrabov boshliq Bobur ekspeditsiyasi jahonni kezib, koʻpgina yangi tarixiy faktlarni kashf etdi. Ular ham ushbu nashrda baholi qudrat hisobga olindi.
Bundan oʻttiz yil muqaddam 1969-yilning yanvarida boshlangan bu ish shoyadki shu bilan nihoyasiga yetgan boʻlsa.
1999
Arosat (Birinchi Qism)
Quva – Qil Ustida Turgan Taqdirlar
1
Milodiy 1494-yilning yozi. Saraton issigʻida Far-gʻona vodiysining osmoniga chiqqan quyuq bulutlar kuni boʻyi havoni dim qilib turdi-yu, kechki payt birdan jala quyib berdi. Qizil tuproqli tepaliklar orasidan oʻtib kelayotgan sersuv Quvasoy qon qoʻshib oqizilgandek qip-qizil boʻlib ketdi.
Soy boʻyidagi majnuntollar panasida bir yigit bilan qiz shivirlashib gaplashmoqda edi.
— Robiya, inon, men tirik boʻlsam, senga balo-qazoni yoʻlatmasmen!
— Tangrim sizni ham panohida asrasin, Tohir ogʻa!.. Yogʻiyning[1] ming-ming askari bor. Qaysi biriga bas kelursiz? Ana, qochqinlarga qarang!..
Tohir orqasiga oʻgirilib, Quvasoyning quyi tomonlariga koʻz yugurtirdi. Pastda qamishzor botqoqlik va uning ustidan oʻtgan uzun yogʻoch koʻprik bor edi. Koʻprikdan chumoliday behisob odamlar, otlar, mollar, aravalar tizilib oʻtib kelayotgani yomgʻir pardasi orasidan elas-elas koʻzga chalinardi.
Samarqand podshosi Qoʻqonni bosib olib, qoʻshiniga talatgan va Margʻilonga hujum qilgan edi. Bosqinchilar shaharu qishloqlarni talash bilan qanoatlanmay, koʻhlik qizlarni choʻrilikka olib ketishar edi. Buning hammasini eshitgan odamlar yovdan qochib, tinch joy izlab bormoqda edilar.
— Ulusning shoʻri qursin! — dedi Tohir. — Kasofat podsholar urushmay turolmasa. Biridan qochsang, boshqasiga tutilsang. Undan koʻra qochmaymiz! Tavakkal. Peshonaga bitilgani boʻlur!
Tohir yomgʻirda hoʻl boʻlib, badaniga yopishib turgan qalami yaktak ustidan xanjar taqib olgan edi. Robiya xanjarga qoʻrqa-pisa koʻz tashladi-da:
— Qaydam, — dedi. — Otamlar meni qoʻrgʻonga eltib qoʻymoqchilar.
— Qaysi qoʻrgʻonga?
— Andijon qoʻrgʻonida amakim borlar-ku.
Tohir Robiyaning hoziroq joʻnab ketishidan choʻchiganday uning bilagidan oldi. Ilgarilar hurkovich ohudek tutqich bermaydigan Robiya hozir allanechuk yuvosh boʻlib qolgan edi. Uning xina qoʻyilgan qoʻllari gulday chiroyli. Boshiga otasining qora jun chakmonini yopinib chiqqan ekan. Yomgʻirda hoʻl boʻlib ogʻirlashgan chakmon uning nozik boʻyniga ogʻirlik qildi. Robiya chakmonni yelkasiga tushirdi. Shunda yoqasining bitta bogʻichi yechilib ketdi-yu, qizgʻish marmarday silliq boʻynining pasti koʻrindi. Yashil nimchasi oʻn yetti yoshlik qizlardagina boʻladigan tolma belidan quchib, qattiq koʻkraklarini mahkam chirmab turar edi.
Bolalikdan Robiya bilan devordarmiyon qoʻshni boʻlib oʻsgan Tohir uning qanchalik jozibali qiz ekanini, bosqinchi bek va navkarlar mana shunaqa qizlarga qanchalik oʻch boʻlishini goʻyo endi astoydil his qildi.
Bu yil bahorda ota-onalari ularni unashtirib qoʻygan paytlarida ham Robiya Tohirga hozirgichalik chiroyli koʻrinmas edi. Ramazon oyi oʻtgandan keyin ularning toʻylari boʻlishi kerak. Tohir Robiya bilan hademay bir yostiqqa bosh qoʻyishlariga ishonib, bexavotir yurgan edi. Biroq endi urush dovuli Quvaga yaqinlashib kelayotgan shu xatarli damlarda Robiya unga har qachongidan ham aziz, har qachongidan ham gʻanimat koʻrindi.
Tohir Robiyaning Andijon qoʻrgʻonida birorta boʻyni yoʻgʻon bekning tuzogʻiga ilinib qolishi mumkinligini oʻyladi-yu:
— Yoʻq! — dedi. — Meni desang qoʻrgʻonga borma!
Robiya Tohirning baxmalday mayin moʻylovi tagida xiyol titrab turgan labiga va iztirob bilan chaqnayotgan qoʻngʻir koʻzlariga tikildi.
— Mening ham sizdan yiroqqa ketkim yoʻq… Lekin neqilay… Qoʻrqamen!..
Tohir qizni chakmon bilan birga quchib, bagʻriga bosdi. Robiyaning mayin soch tolalari yigitning yuziga tegdi, bir lahza ikkovining nafasi nafasiga qoʻshilib ketdi. Tohir qizning badani titrayotganini sezdi-yu:
— Chindan qoʻrqqaningmi bu, Robiya? — dedi. — Senga ne boʻldi?..
— Men bir vahimali tush koʻrdim, Tohir ogʻa! Ilohi tushim oʻng kelmasin!..
Endi Tohir ham xavotirlanib, qizni quchogʻidan boʻshatdi-da, uning katta-katta boʻlib ketgan koʻzlariga qaradi:
— Yomon tushmi?
— Aytishga ham tilim bormaydir.
— Tushga nelar kirmas!.. Ayt!.. Mayli…
— Sizni bir qora hoʻkiz xanjarday shoxlari bilan suzib… Yoʻq! Yoʻq! Eslasam, etim junjikib ketadir!
Tohir yomon bir falokatni oldindan sezganday yuragi uvushdi:
— Shoshilmay gapir! Suzgan boʻlsa, qon oqdimi?
— Qon? Ha, ha.. Qon tirqirab ketdi.
— Unday boʻlsa qoʻrqma. Tushdagi qon — yorugʻlik. Otam doim shunday deydi.
— Tangrim shu ta’birni rost keltirsin! Tohir ogʻa, men… Agar Andijonga siz bormasangiz… men ham ketmasmen. Neki boʻlsak, shu yerda… birga…
Majnuntol barglari orasidan sirqib tushayotgan yomgʻir tomchilari qizning payvasta qoshlariga, tigʻiz kipriklariga tekkan. Tohirning nazarida, Robiya yomon bir baxtsizlik boʻlishini hozirdan sezib, koʻziga yosh olayotgandek koʻrinardi.
— Mendan koʻp xavotirlanma, Robiya. Men bir dehqon odammen. Havo ochilsa, dalaga chiqib qoʻshimni haydaymen. Oʻrogʻimni oʻramen. Yogʻiyning menga ne ishi bor? Lekin sen… ehtiyotingni qil. Andijon qoʻrgʻonida amakilaring bor…
— Andijonda sizning ham mulla togʻoyingiz borlar-ku! Yo birga ketaylikmi?
Tohir oʻylanib qoldi. Uning Andijonda me’mor boʻlib ishlaydigan Fazliddin togʻasi el orasida tanilgan mashhur odam. Quvasoy botqogʻining ustidan oʻtgan mana shu uzun yogʻoch koʻprik ham mulla Fazliddin chizib bergan tarh[2] boʻyicha qurilgan. Andijon arkida mulla Fazliddin samoviy naqshlar va koshinlar bilan bezab qurgan devonxona tojdor Umarshayx mirzoga ma’qul boʻlgandan keyin unga toʻbichoq ot va bir hamyon oltin in’om qilganini Tohir ham eshitgan. U togʻasining shahar qoʻrgʻonidan tashqaridagi Bogʻot mahallasida turishini biladi. Mulla Fazliddin Quvada turgan paytlarida Tohirga xat-savod oʻrgatgan edi. Endi jiyani panoh istab borsa, qanoti tagiga olishi mumkin. Lekin bu yerda chol-kampirlar nima derkin? Tohir — yolgʻiz oʻgʻil, javob bermasliklari mumkin. U Andijonga Robiya tufayli borishini esa ota-onasiga aytishdan uyaladi… Balki buni Robiyaning akasi Mahmud aytar?
— Robiya, mayli, iloji boʻlsa, Andijonga birga keturmiz. Lekin dadamlarni koʻndirish oson emas… Mahmud ogʻang eshikdami?[3]
— Doʻkonga chiqqan edilar. Iftorgacha kelurlar. Nima edi?
— Iftordan soʻng biznikiga oʻtsin. Maslahat bor.
— Xoʻp, men aytamen.
Robiya yuzini Tohirning keng koʻkragiga bosdi:
— Tangrim bizni bir-birimizga koʻp koʻrmasin! — dedi-da, majnuntol shoxlari orasidan chiqdi.
Soy boʻyida turgan boʻsh mis koʻzani yomgʻir tomchilari chertib-chertib qoʻyadi. Robiya koʻzaga qarab suvga kelganini esladi va uni toʻldirib, uylari tomon koʻtarib ketdi.
Qalliqlar odamlarning koʻzidan yiroqda — yashiriqcha uchrashib yurar edilar. Qiz uzoqlashib ketgandan keyin Tohir ham majnuntollarning panasidan chiqdi.
Shunda Robiyaning tushiga kirgan qoʻrqinchli voqea uning esiga tushdi-da, noma’lum bir xatar vujudiga larza solib oʻtdi…
2
Bu yilgi roʻza yoz chillasiga toʻgʻri kelgan, jazirama kunlarda tong sahardan kechqurun qorongʻi tushguncha tuz totmay och yurish koʻp odamning sillasini quritar, buning ustiga tashnalik azobi qoʻshilardi. Roʻzadorlar kunni qanday kech qilishlarini bilmay, tezroq qosh qorayishini intizorlik bilan kutishardi.
Gʻira-shira qorongʻilikda Quva masjidining minorasidan azon tovushi eshitildi. Urush tahlikasi qanchalik kuchli boʻlmasin, dasturxon atrofiga yigʻilgan odamlar roʻzasini ochayotgan paytda ochlik va tashnalikdan qiynalgan vujudlari rohatlanib, dunyo gʻamlari birpasga boʻlsa ham xayollaridan uzoqlashdi.
Tohir keksa ota-onasi bilan birga iftor qilmoqda edi. Dasturxondan sedanalik issiq non va handalak hidi keladi. Non yeb, bir kosadan qatiqli osh ichganlaridan keyin Tohir Andijonga ketish haqidagi gapning uchini chiqarishga chogʻlandi.
Shu payt kimdir qamchi dastasi bilan darvozani taqillatdi. Hovlida yotgan keksa koʻppak it yoʻgʻon va xirri tovush bilan vovulladi. Tohir oʻrnidan turgan edi, otasi:
— Ehtiyot boʻl! — dedi ovozini pasaytirib. — Avval kimligini soʻrab bil.
Tashqarida yomgʻir tingan, lekin osmon bulutli, qorongʻilikda hech narsani koʻrib boʻlmas edi. Tohir darvozaxonaga yaqin borib:
— Kim? — deb soʻradi. Koʻppak qattiqroq hura boshladi. Tashqaridagi odam ovozini balandlatib:
— Tohir, jiyan? — deb soʻradi. — Och, men togʻo-yingmen!
Tohir tashqaridagi ovozni tanib, ochiq darcha orqali ichkariga:
— Aya, Fazliddin togʻoyim! — dedi-yu, chopib borib darvozaning zanjirini tushirdi.
Ichkaridan chiqqan chol-kampirlar mehmon bilan koʻrishayotganda Tohir qorayib turgan ikki gʻildirakli soyabon aravani koʻrdi. Aravaga qoʻshilgan otning egari ustidan kimdir paypaslanib tushmoqda edi.
— Mulla togʻa, arava sizdanmi?
— Ha, jiyanim. Koʻch-koʻronim bilan keldim.
— Shunaqami? — dedi Tohir hayron boʻlib. Uning koʻnglida boya togʻasini koʻrganda yongan quvonch endi tashvishli oʻylar bilan almashindi. Tohirning Andijondagi panohi — mana shu togʻasi edi. Togʻasi koʻchib kelgan boʻlsa, Tohirning qoʻrgʻonga boradigan yoʻli bekilgani shu. Robiya nima boʻladi?
— Tohir, nega agʻrayib turibsan? Yuklarni tushirishgin! — dedi onasi. — Mullo togʻoying yomgʻirda koʻp azob tortganga oʻxshaydir.
— E, azob ham gapmi, opa! Arava loylarga tiqilaverib jonimizdan toʻydirdi. Yoʻllar tirband. Qochoqlar behisob.
Tohir aravadan yuk tushirayotib, otning sagʻrisiga qoʻli tegib ketdi. Shunda qoʻliga shilimshiq loy ilashganini sezdi. Loy otning sagʻrisigacha chiqqan boʻlsa, bu bechoralar kela-kelguncha qanchalik qiynalganikin? Hamma yovdan qochib Andijonga qarab ketayotganda, bu-lar nega Quvaga koʻchib kelganikin? Tohir qanor qopga solingan yukni aravadan tushirmoqchi boʻlganda togʻasi:
— Hushyor boʻl, juda ogʻir, ikkovlashib koʻtaringlar,— dedi aravakashga.
Tohir qopning ichida uncha katta boʻlmagan poʻlat sandiq borligini sezdi. Mulla Fazliddin oʻtda kuymaydigan, suv kirmaydigan bu sandiqni Quvaning temirchi ustalariga buyurtma berib yasattirgan edi. Uning ichida tarhlar, loyihalar, suratlar saqlanardi. Mulla Fazliddin uch yil Samarqandda, toʻrt yil Hirotda tahsil koʻrgan, oʻsha yoqdan me’morlik san’ati bilan birga musavvirlik[4]ni ham oʻrganib kelgan edi. Hirotda jangnomalar ichiga suratlar chizish odat tusiga kirgan, mavlono Behzod chizgan Alisher Navoiy va Husayn Boyqaro tasvirlari rasmiy doiralarda shuhrat topgan, lekin Samarqandda, xususan, Fargʻona vodiysida odam shaklini chizish hali ham qur’on nomidan qattiq taqiqlanib kelmoqda edi. Shuning uchun mulla Fazliddin oʻzi chizgan suratlarini mana shu poʻlat sandiqda doim maxfiy saqlar edi.
Tohir qopdagi poʻlat sandiqni aravakash bilan koʻtarishib uyga olib kirishdi.
Mulla Fazliddin hoʻl boʻlib ogʻirlashgan piyozi chakmoni va etigini dahlizda yechib qoldirdi. Oyogʻiga charm kavush kiyib, obrez chetida bet-qoʻlini yuvdi. Soʻng boya Tohirlar oʻtirgan dasturxonlik uyga kirdi.
Uning chakmonidan oʻtgan yomgʻir kalta yenglik abosini nam qilgan edi. Lekin yoz oqshomi iliq boʻlganligi uchun kiyim almashtirish esiga kelmadi. Yoʻlda qattiq toliqqanligi uchun durust ovqat ham yemadi. Faqat bir-ikki tilim handalak yediyu uch-toʻrt piyola choy ichdi. Aravakash yigit ikki kosa toʻla qatiqli osh ichgandan keyin otlariga qarash uchun hovliga chiqib ketdi.
— Obbo! Mulla Fazliddin-ey! — dedi Tohirning otasi uzun oq soqolini oʻychan ezgʻilab. — Zap kelibsizda. Shu notinch kunlarda birga boʻlganimizga ne yetsin!
— Hamma yogʻiydan qochganda biz ajdahoning komiga yaqin kelib qolganimiz gʻalati boʻldi, — deb mulla Fazliddin jiyaniga ma’yus koʻzlari bilan qaradi.
— Biron sabab bilan kelgandirsiz-da, mulla togʻa?— soʻradi Tohir.
— Sabab shukim, jiyan, urush boshlansa, qurilish toʻxtaydi, me’morning keragi boʻlmay qoladir…
— Ie, axir, sizni podshoning oʻzi xizmatiga olgan emasmidi?
— Podsho Axsi qoʻrgʻonida mudofaa bilan ovora. Toshkent xoni Mahmudxon ham Xoʻjand tomondan bizga qarshi qoʻshin tortib kelmoqda emish. Qashqar hokimi Abubakir dugʻlat degan yana bir bosqinchi sharqdan Oʻzganning ustiga bostirib kelmishdir.
Tohirning keksa otasi qoʻrqib, yoqasini ushladi:
— Yo tavba! Bu yoqda Samarqand qoʻshini… Uch tomonimizdan yogʻiy bostirib kelibdimi, a? Bu ne koʻrgulik, mulla Fazliddin? Axir bu podsholar sal murosa qilsalar boʻlmaydimi, a? Hammasi bir-biriga qarindosh emish-ku. Shu rostmi?
— Ha, rost. Toshkent xoniga bizning podshomiz kuyov boʻladir. Qoʻqonni talab, bizning ustimizga qoʻshin tortib kelayotgan Samarqand podshosi Sulton Ahmad mirzo esa bizning podshomiz bilan bir otadan boʻlgan ogʻa-inidirlar. Yana bu ikki podsho bir-birlariga quda boʻlmoqchi edilar. Samarqand podshosining qizi bizning valiahdimiz Bobur mirzoga besh yasharligidan unashtirib qoʻyilgan edi. Shundan bilingki, ogʻa iniga, qaynota kuyovga qarshi qilich koʻtarib chiqmishdirlar!
— Yo poka parvardigor! Oxirzamon degani shumikin, mulla Fazliddin?
— Bilmadim, pochcha. Har qalay, yomon tojdorlarning zamonasi oxirlab qolayotganga oʻxshaydir. Koshki, oʻzlari bilan oʻzlari olishib, bizni tinch qoʻysalar! Urushning butun jabru jafosi el-ulusning boshiga tushadir.
— Shoʻrimiz bor ekan-da!
— Ha, tole boʻlmasa qiyin ekan! Men ne-ne orzular bilan ilm-hunar oʻrganib kelgan edim! Vatanimiz boʻlmish Fargʻona vodiysida Samarqanddagidek, Hirotdagidek madrasalaru koʻrkam obidalar qurmoqchi edim. Bu saltanatu podsholardan ne qolur? Hammasi nom-nishonsiz ketgay! Bizdan yodgorlik boʻlib qolsa Ulugʻbek madrasasidek, Navoiy Unsiyasidek san’at asarlari qolur!
Mulla Fazliddin ogʻzidan chiqib ketgan soʻnggi gaplardan xavotirlanib, eshik tomonga qarab qoʻydi. Uning saroy ahliga yaqin yurib, aygʻoqchilardan yurak oldirib qoʻyganini Tohir ham sezdi.
— Mulla togʻa, soʻzlayvering, bu yerda hamma oʻz-oʻzimiz… Andijon qoʻrgʻonidan nechun sizga joy bermadilar?
Mulla Fazliddin soʻnggi kunlarda boshdan kechirgan mudhish hodisalarni eslab, bir lahza ogʻir sukutga ketdi…
Oʻtgan kuni xufton paytida mulla Fazliddin oʻzlaridan besh-olti uy narida turadigan bir xattot oshnasinikida iftor qilib oʻtirganda qandaydir noma’lum kishilar uning uyiga bostirib kiradi. Hovlidagi it vovullab qoʻymaganda uni qilich bilan chopib tashlaydilar. Bugun bu yerga aravani minib kelgan xizmatkor yigitning ogʻziga latta tiqib, qoʻl-oyogʻini bogʻlaydilaru qaznoqqa tashlaydilar. Soʻng uyga kirib, tintuv oʻtkazadilar va poʻlat sandiqni koʻradilar. Lekin uni ochishning ilojini topolmay, qulfini bolta bilan urib sindirishga kirishadilar.
Qilich bilan chopilgan it qattiq vangillaganda devordarmiyon qoʻshnilar bir falokat boʻlganini sezadilar. Ulardan biri chiqib mulla Fazliddindan xabar olmoqchi boʻlsa, darvoza qarshisidagi daraxt panasida bir odam toʻrtta otning jilovidan ushlab turibdi. Uning yuzi qora niqob bilan bekitib olingan, faqat koʻzlari koʻrinadi. Ichkaridan esa poʻlat sandiq qulfiga urilayotgan bolta tovush eshitiladi…
Mulla Fazliddinga qadrdon boʻlgan qoʻshni uning uyiga yomon odamlar tushganini sezadi-yu, darhol xattotnikiga chopadi. Undan voqeani eshitgan mulla Fazliddin uyiga yugurib keldi.
Poʻlat sandiqning qulfini sindirib ochib, undagi qogʻozlarni titkilayotgan bosqinchilar uy egasini koʻrib, darchadan ayvonga sakrashdi.
— Toʻxta, nobakor! — deb mulla Fazliddin bittasining qarshisidan chiqqan edi, yuziga qora niqob tutgan ayiqday zoʻr yigit uni yelkasi bilan urib chetlatdi-da, koʻchaga otildi. Boshqalari ham koʻchadagi otlariga minib, bir lahzada gʻoyib boʻlishdi.
Mulla Fazliddin ularni quvlab yetolmasligini sezdida, toʻs-toʻpolon boʻlgan uyga qarab intildi va ochiq yotgan poʻlat sandiqning tepasiga keldi. Tokchada qoʻshaloq sham yonib turibdi. Uning yorugʻida aralash-quralash boʻlib ketgan, ba’zi joylari yirtilgan loyihalar va chizmalar koʻzga tashlandi. Sandiq ichida podshoh in’om qilgan oltinning bir qismi hamyoni bilan turgan edi. Shu yoʻq. Lekin hozir mulla Fazliddinning koʻziga oltin ham koʻrinmas edi. Uning butun xayoli sandiq tubidagi maxfiy tagqutini bekitib turgan silliq mis parchasida edi. Uni chapga sekin surgan edi, tagqutining kalit solinadigan joyi ochildi. Mulla Fazliddin atrofiga alangladi — uyda boshqa odam yoʻq, qoʻshnisi qaznoqdagi xizmatkorning oyoq-qoʻlini yechish bilan ovora edi. Mulla Fazliddin qoʻynidan kichkina kalit olib, tagqutining qulfiga soldi. Qulf ochilgandan keyin tagqutining mis qopqogʻini sekin koʻtardi-yu, yupqa jild ichidagi suratlarni ochib koʻrdi… Keksa bogʻbonning daraxt payvand qilayotgan payti… Chilmahram togʻlaridagi ov tasviri… Eng pastda chang chalayotgan goʻzal bir qizning surati…
Bu — Umarshayx mirzoning qizi. Andijon chorbogʻida podshoh oilasi uchun tillakori koʻshk qurgan paytlarida oʻn sakkiz yoshlik Xonzoda begim uning musavvir ham ekanligini bilib qolib, oʻzining suratini chizdirgan. Mulla Fazliddin bu ishni yashiriqcha qilgan. Agar shariat peshvolari uning odam suratini chizganini bilib qolishsa, sogʻ qoʻyishmaydi. Yana tagʻin goʻzal malika bilan yashiriqcha til biriktirib surat chizgani qizning podshoh otasiga ma’lum boʻlsa bormi, mulla Fazliddinni tilka-pora qilib tashlashlari hech gap emas.
Shu sababli hozir uni eng qattiq qoʻrqitgan narsa— bu suratning bosqinchilar qoʻliga tushib qolish ehtimoli edi. Xayriyatki, ular sandiq tagida maxfiy tagquti borligini sezishmabdi. Lekin sandiqni otlariga oʻngarib ketishsa nima boʻlardi? Unda tagqutidagi suratlarni ham albatta topib olishardi!..
Xizmatkor yigit sal oʻziga kelgandan soʻng, mulla Fazliddin undan va qoʻshnisidan voqeaning tafsilotlarini soʻrab bildi, oʻzining koʻrganlariga buni taqqoslab, shunday xulosaga keldiki, uning uyiga tushganlar — oddiy oʻgʻrilar emas, balki qaysi bir zoʻravon bekning yigitlari. Ular uyni tintib nimani qidirishgan? Tarhlarni tashlab ketishibdi. Demak, suratlarni izlashgan… Mulla Fazliddinning surat chizishini biladigan odam… unda qasdi bor bek yuborgan boʻlishi kerak bu yigitlarni!..
Iztirobli oʻylar tuni bilan mulla Fazliddin koʻziga uyqu qoʻndirmadi. Urushning algʻov-dalgʻovida tobora boʻyni yoʻgʻon boʻlib ketayotgan bebosh beklar esiga tushgani sari koʻngli bezovta boʻlardi.
Andijonlik beklardan Hasan Yoqub degani shu yili bahorda mulla Fazliddinni chorbogʻiga chaqirtirib, katta bir ish topshirmoqchi boʻldi.
— Mirzo hammomidan ham ulkanroq bir hammom qurdirmoqchimen… Yozda salqinlaydigan marmar xo-nalari boʻlsin… — Yoqubbek ovozini pasaytirib davom etdi. — Chiroylik asira qizlar sotib olgʻaymen. Oltinim yetarli. Oʻsha qizlar hammomning marmar hovuzida choʻmilganda men oʻltirib tomosha qiladigan maxfiy tuynuklari ham boʻlmogʻi lozim. Uqdingizmi? — deb Yoqubbek xaxolab kuldi-da, gapning xulosasini ayt-di.— Ana shu hammomning tarhini oʻzingiz chizing. Qurilishiga ham siz sarkor boʻling. Qancha haq tilasangiz beray. Xoʻpmi?
Me’morlikni muqaddas bir san’at deb ishongan mulla Fazliddin Yoqubbekning shahvoniy niyatlarini eshitib nafrati keldi:
— Janob bek, uzr, men harom ishdan qoʻrqamen!..
— Nimasi harom?.. Men hammomni oʻz aqchamga qurdirgaymen!
— Hammomga maxfiy tuynuklar qoʻyib quradigan sarkorlar boshqa… Siz oʻshalarga murojaat qiling. Menga Mirzo hazratlari pokiza bir dargoh qurdirmoqchilar. Shu kunlarda madrasa tarhini chizish bilan bandmen. Ruxsat eting, men boray…
Oʻrinlaridan turganda Yoqubbek mulla Fazliddinga oʻqrayib koʻz tikdi:
— Lekin men aytgan gap shu yerda qolsin, janob me’mor. Aks holda…
— Albatta, bu gap shu yerda qolur! Lekin siz ham mendan ozurda boʻlmang. Ora ochiq! Ma’qulmi, janob bek?
— Ma’qul!
Mulla Fazliddin shu bilan bu boʻyni yoʻgʻon bekdan qutuldim, deb oʻylagan edi. Lekin bundan oʻn besh kuncha burun Ahmad Tanbal degan bir badavlat bek mulla Fazliddinni soʻroqlab, kechki payt uning uyiga keldi. Ikkovlari xoli qolganda Ahmad Tanbal choʻntagidan bir hamyon oltin oldi-da, mulla Fazliddinga uzatdi:
— Taqsir, mana shu oltinni olingu bitta surat chizib bering.
— Qanaqa surat?
Yoshi yigirma beshlardan oshgan boʻlsa ham, yuziga hali durust soqol chiqmagan, koʻsanamo Ahmad Tanbal ogʻzini me’morning qulogʻiga yaqinlashtirib shivirladi:
— Malikamizning surati kerak menga!
— Qaysi malikamiz? — sergaklanib soʻradi mulla Fazliddin.
— Chorbogʻda tillakori koʻshk qurganingizda koʻrgansiz… Xonzoda begim… Oʻzi ham sizning san’atingizga ixlosmand emish-ku…
Mulla Fazliddinning yuragi taka-puka boʻlib ketdi. Nahotki bu bek poʻlat sandiqdagi suratdan xabardor boʻlsa!
— Kim sizga shunday dedi?.. Men me’mormen… Men faqat imoratlarning suratini chizamen…
— Mendan yashirmang, janob me’mor! Men shariat peshvosi emasmen. Surat chizishni bizda man qilganlariga men ham qarshimen! Hirotda Shohruh mirzo Boysunqur mirzo uchun qurdirgan saroyning devorlari goʻzal qizlar surati bilan bezalgan ekan. Toʻgʻrimi?
— Toʻgʻri-yu, lekin… Har joyning oʻz toshu tarozisi bor. Agar Xonzoda begimning surati haqida siz aytgan gapni podshoh hazratlari bilib qolsalar, nima boʻlishini oʻylaysizmi?
— Bilmagay! — deb shivirladi Ahmad Tanbal. — Ikkovimizdan boshqa hech kim ogoh boʻlolmagay! Xoʻp deng! Mang, oltinni oling!
— Shoshmang, bek. Meni surat chizadi, deb sizga kim aytdi?..
— Eshitdik-da!
— Kimdan?.. Hasan Yoqubbekdanmi?..
— Hasan Yoqubbek bir bogʻbondan eshitgan ekan…
«Demak. Ahmad Tanbalning bu yerga kelganidan Hasan Yoqubbek xabardor! — Oʻyladi mulla Fazliddin.— Bular birgalashib meni qoʻlga tushurmoqchi boʻlsa kerak. Sendek qurbaqataxlit bek uchun Xonzoda begimning suratini chizib berib men ahmoq emasmen!».
— Janob Ahmadbek, kamina bogʻlarning suratini chizganda bir chetiga bogʻbonni ham tasvirlashim mumkin. Me’morlik san’ati buni inkor etmaydi. Ammo malikaning suratini chizish uchun menda na san’at bor, na haq va na jur’at!
— Xullas, mening soʻzimni yerda qoldirmoqchimisiz?
— Boshqa ilojim yoʻq. Meni ma’zur tuting, janob bek. Bunday taklif bilan kelish siz uchun ham xatardan xoli emas!
— E, men buzdillardan[5] emasmen! — deb Ahmad Tanbal qahr bilan oʻrnidan turdi va yirik tishlarini irjaytirib qoʻshib qoʻydi: — Lekin siz mening shaxtimni qaytarganingiz uchun hali pushaymon boʻlursiz!
Bu tahdid mana endi toʻrtta bosqinchining qiyofasiga kirib, qorongʻida uning uyiga bostirib kelgan boʻlsa ajab emas. Qurolsiz, navkarsiz mulla Fazliddin Ahmad Tanbalday yuz-ikki yuztadan qurolli yigitlari bor beklarga qanday bas keladi? Lekin «boʻlari boʻldi», deb indamay yuraversa, bu quturgan bek ertaga beshbattar yomonliklar qilishi mumkin emasmi?
Mulla Fazliddin ertalab podshoh in’om qilgan toʻbichoq otni mindi-da, shahar dorugʻasi[6] qabul qiladigan mahkamaga yoʻl oldi. Uzun Hasan ismli ingichka, novcha dorugʻa askarlikka odam olish va shaharni yaqinlashib kelayotgan dushmandan himoya qilish tashvishi bilan band ekan. Mulla Fazliddinning arzini qayoqqadir ketmoqchi boʻlib shoshilib turgan paytda tingladi-da:
— Tarhlaringizga tegmay, hamyoningizni olib ketgan boʻlsa, bu — toʻqaydan chiqqan oʻgʻrilarning ishi, — dedi. — Yogʻiy tashvishidan qutulsak, toʻqaylarni oʻgʻrilardan tozalagaymiz… Hozir ahvolni koʻrib turibsiz!..
Qoʻl qovushtirib tikka turgan mulla Fazliddin dorugʻaga yaqinroq keldi:
— Mening boshqa gumonim bor, janob dorugʻa, — dedi. Soʻng Ahmad Tanbalning surat chizdirmoqchi boʻlganini, rad javobi olganda esa achchiqlanib ketganini aytib berdi.
— Kimning surati? — deb dorugʻa qiziqib qoldi.
Mulla Fazliddin Xonzoda begimning nomini tilga olishga qoʻrqdi.
— Parilar suratimidi? Yaxshi tushunmadim.
— Sandigʻingizda parilar surati bormidi? Bosqinchilar shuni olib ketibdirmi?
— Surat oʻzi boʻlmasa neni olib ketsin! Men hazrati oliylari buyurgan madrasa tarhini chizish bilan bandmen. Suratkashlikka vaqtim yoʻq. Sandiqda xomaki loyihalarim bor edi, xolos.
— Ular joyida qolganmi, axir? Undoq boʻlsa Ahmadbekdan nechun gumonsiramoqdasiz?
— Sababini aytdim, janob dorugʻa! Taftish oʻtkazishingizni soʻraymen!
— Ahmadbek — sultonlar avlodidan ekanini unutgan boʻlsangiz, men eslatib qoʻyay.
Hazrati oliylarining katta xotinlari Fotima begim Ahmadbekka qarindosh boʻlurlar. Fotima begimning chaqirigʻi bilan Sulton Ahmadbek bugun azonda poytaxtimiz Axsiga ketdilar.
«Agar oʻsha bek sandiqdagi suratlarni qoʻlga tushirsa, Axsiga eltib, podshoh oilasiga koʻrsatmoqchi boʻlganmi?— degan oʻy mulla Fazliddinning ichini muzlatib oʻtdi. — Bular mening qonimga shunchalik tashnami? Balki Ahmad Tanbal Xonzoda begimni ham shu surat orqali qoʻlga tushirmoqchidir? Hali uylanmagan bu bek podshoga kuyov va Xonzoda begimdek goʻzal qizga er boʻlishni jon-dili bilan istasa kerak!»
Oʻrgimchak toʻriga oʻxshash yopishqoq bir balo atrofini oʻrab kelayotganini sezgan mulla Fazliddin jon-jahdi bilan bu toʻrni yirtib chiqib ketishga urindi:
— Janob dorugʻa, men sizdan adolat istab keldim! Podshoh hazratlari meni sizning himoyangizga topshirgan edilar! Agar bosqinchilarni topib jazo bermasangiz, men podshoh hazratlarining huzurlariga panoh istab ketishga majbur boʻlurmen!
— Ammo shuni bilingki, janob me’mor, hazrati oliyning huzuriga sizdan ham oldin ba’zi bir gaplaringiz yetib borishi mumkin!
— Ya’ni, qaysi gaplarim, janob dorugʻa?
— Ba’zi me’morlar oʻzlarini podshohlardan ham baland qoʻyarmishlar. «Bu taxtu saltanatlar benomu nishon yoʻqolur, faqat me’moru musavvirlar yaratgan zoʻr san’at asarlari tirik qolur», degan gustoxona aqidalar bizga ma’lum!
Mulla Fazliddin bugun Quvada pochchasining uyida bexosdan aytib yuborgan bu e’tiqodini boshqa ishongan odamlariga ham aytgan paytlari boʻlgan edi. Ana shu ishonganlaridan allaqaysisi aygʻoqchilik qilib, bu gapni dorugʻaga yetkazganini, endi dorugʻa buni podshohga dasturxon qilib olib borishi mumkiligini sezdi-yu, badanidan sovuq ter chiqib ketdi. Lekin dorugʻaga sir boy berish qanchalik xatarli ekanini payqab:
— Bu hammasi igʻvo! — deb xitob qildi: — Janob dorugʻa, sizning ustingizdan igʻvo qiluvchilar ham oz emas! Buni bilursiz! Men Andijonda neki bino qilgan boʻlsam, hammasiga Mirzo hazratlarining nomlarini bitmoqdamen! Arkdagi devonxonani koʻring! Chorbogʻdagi koʻshkni koʻring! Men ularning biror joyiga oʻz nomimni yozibmenmi? Qani, igʻvogarlar dalil keltursinlar! Men hammasiga Mirzo hazratlarining muborak nomlarini bitganmen! Demak, tarixda mening nomim emas, Mirzo hazratlarining nomi qolsin, deganmen! Shundoqmi, yoʻqmi? Qani ayting!
Dorugʻa bu mantiqli dalillarni rad etolmasdan:
— Shundoqlikka shundoq, ammo…
— Ammosi yoʻq, janob dorugʻa! Siz meni bosqinchilardan himoya qilish oʻrniga, aygʻoqchilarning tuhmatiga ishonadirgan boʻlsangiz, men alhol Axsiga borib, Mirzo hazratlariga arz qilurmen!..
Uzun Hasan bu doʻqni pisand qilmay:
— Mayli, boring, arz qiling! — dedi. — Lekin shuni bilingki, atrofimizni yogʻiy bosgan bu xatarli damlarda podshohga me’mordan koʻra navkar zarurroq! Ahmadbekdek, mendek jangovar beklar uchun podshoh hozir sizdeklardan qanchasining bahridan oʻtur!
— Axsiga borganda koʻrurmiz, — deb mulla Fazliddin mahkamadan shaxt bilan tashqariga chiqdi. Uning vajohati hoziroq Axsiga, podshoh huzuriga arzga boradiganga oʻxshardi.
Lekin u otlanib uyiga qaytayotganda sal hovuridan tushdi-yu, Uzun Hasan aytgan soʻnggi gaplarda achchiq bir haqiqat borligini sezdi. Yov qurshovida qolayotgan Umarshayx mirzo bitta me’morni deb yuz, ikki yuzdan navkari bor zoʻravon beklarga qarshi bormasligi aniq. Ahmad Tanbal bugun Axsida — shoh saroyida. Agar u mulla Fazliddinning malika suratini chizgani haqida gap tarqatsa… Lekin Ahmad Tanbal buni qanday payqaganikin? Mulla Fazliddin Xonzoda begimning suratini chizish uchun u bilan tillakori koʻshkda pinhon uchrashganda buni zimdan koʻrib qolgan kanizlar yoki savdarlar[7] boʻlsa, Ahmad Tanbal shuning bir chetini eshitib, haligi hamyonni koʻtarib kelganmikin? Bosqinchi yigitlarini ishga solib ham maqsadiga yetolmagan bu yovuz bek endi shoh saroyiga borib peshgirlik qilishi mumkin. Agar u oʻzi eshitgan mish-mishni haramdagi ayollar orqali podshohning qulogʻiga yetkazsa… Umarshayx mirzo boʻy yetgan qizining qayoqdagi bir me’mor bilan yashi-riqcha uchrashib, surat chizdirganini oʻz sha’niga katta isnod deb bilishi aniq. Shoh iskovuchlari ishga tushirilsa, mulla Fazliddin yashirib yurgan suratni topib olib, Ahmad Tanbalning gapiga dalil qilish qoʻllaridan keladi. Ana undan soʻng shoh qiziga isnod keltirgan musavvirni ming qiynoqlarga solib oʻldirishlari turgan gap!
Mulla Fazliddin Xonzoda begimning suratini chizish bilan nechogʻliq xatarli ishga qoʻl urganini endi astoydil his qildi. Agar surat qoʻlga tushsa, u qiz ham malomatga qoladi. Dunyo busiz ham tashvish-tahlikaga toʻla!.. Mulla Fazliddin tagqutidagi malika suratini titroq qoʻllar bilan jilddan oldi. Igʻvogar ablahlarga dalil qoldirmaslik uchun buni yoʻq qilishi kerak! Mulla Fazliddin oʻchoqda yonayotgan olovga yaqin bordi.
Rangli boʻyoqlar bilan ishlangan moʻ’jazgina suratdagi goʻzal qiz shu payt unga tirik bir odam boʻlib koʻrindi. Alanga yolqinida qizning kipriklari, lablari bilinar-bilinmas nafis harakatlar qilayotganga oʻxshab ketdi. Qizning aqlni shoshiradigan jozibasi bor edi. Bu joziba mulla Fazliddinni har galgiday yana sehrlab oldi, boyagi tahlika xayolidan uzoqlashib, qalbida iliq tuygʻular uygʻondi. «Nahotki men bu qizga oshiq boʻlsam? — hayrat ichida oʻylandi mulla Fazliddin. — Qora xalq orasidan chiqqan menday bir suratkashning shoh qiziga muhabbat qoʻyishi kulgili emasmi? Yoʻq! Men faqat oʻzim chizgan suratga— Oʻz ijodimga mehr qoʻyganmen, xolos! Boshim omon boʻlsa, bunday suratni yana chizgaymen!»
Shu oʻy bilan suratni oʻtga tashlamoqchi boʻlib egildi. Qiz tasviri olovga yaqinlashganda yuzi qizarib boʻgʻriqqandek, koʻzlari esa chaqnab ketgandek koʻrindi. Mulla Fazliddin tirik odamni oʻldirayotgandek, seviklisini oʻtga tashlayotgandek seskanib orqaga chekindi. Ichki bir ovoz uni «Qoʻrqoqsen!» degandek jerkidi. «Dushmanlaring ustingga bostirib kelayotgani yoʻq-ku! Ahmad Tanbal ham Axsida. Bilib qoʻy, sen bunday goʻzal suratni ikkinchi marta chiza olmassen! Tasvirga bunchalik tirik joziba baxsh eta olganing— takrorlanmas bir ilhomning natijasi. Botir boʻlsang, qutqarib qolursen!»
Mulla Fazliddin suratni tagqutiga qaytarib soldi-yu, xizmatkor yigitni chaqirdi.
— Koʻchlarni yigʻishtir! Aravani qoʻsh! Quvaga joʻnagaymiz!.. Tez!.. Tezroq!..
Mana hozir opasining uyida oʻtirib, yuz bergan voqeani pochchasi bilan jiyaniga soʻzlab berar ekan, poʻlat sandiqda Xonzoda begimning surati borligini ularga ham aytmadi. Bu sirni u hech kimga bildirmoqchi emas edi…
— Vo darigʻ! — deb Tohirning otasi ogʻir ux tortdi:— Bizning suyangan togʻimiz siz edingiz, mulla Fazliddin!.. Endi siz ham quvgʻinga uchragan boʻlsangiz.
— Nachora? Hammamizning ham taqdirimiz qil ustida turibdi!
— Podshohga arzga borsangiz, dodingizga yetmasmikin, mulla togʻa?
— Bu toʻpolonlar bosilsa, bir marta borib arz qilishim aniq. Agar dodimga yetsa yetdi, yetmasa, yana Hirotga qaytib keturmen! Alisher Navoiy Shifoiya degan bino qurdirmoqchi, deb eshitgan edim. Olamda biz uchun yongan yagona umid chirogʻi oʻsha siymo boʻlib qoldi.
— Hirot orzusini qilmang, mulla Fazliddin, Far-gʻonada ham hunaringizning qadriga yetadigan odamlar bor. Quvaning koʻprigi sizning rejangiz bilan qurilgan edi. Xalq haligacha sizni duo qilib yuribdir.
— Xalq! Qani endi bu koʻprikdan faqat xalq oʻtsa! Erta-indin bu koʻprikdan yogʻiy qoʻshinlari oʻtib kelur! Xalqning boshiga yogʻiladigan balolarni oʻylasam, bugungi jalalar selga aylanib, oʻsha koʻprikni oqizib ketmaganiga afsus qilamen! Agar yogʻiy, bu tomonga oʻtolmasin deb, oʻsha koʻprikni hozir yondirib yuborsalar, men jon deb rozi boʻlur edim!
«Chindan ham, — Oʻyladi Tohir oʻzicha, — yogʻoch koʻprik. Yogʻ sepsa yonur. Yogʻiy faqat shu koʻprikdan oʻtishi mumkin. Kechuv ham yoʻq. Hammayoq botqoqlik, qamishzor. Agar koʻprik yondirilsa yogʻiy oʻtolmagay!» Tohir kutilmagan joydan najot yoʻlini topganday boʻldi. Tasavvurida gavdalangan yongʻin alangasidan goʻyo uning badani qizib ketganday tuyuldi.