Skip to main content

Nikohsiz tug’ilgan bolaga otalik qanday belgilanadi?

Nikohda bo‘lmagan ota-onadan tug‘ilgan bolaga otalikni belgilash ota va onasi (agar otasi voyaga yetmagan hisoblansa, u holda qonuniy vakili) tomonidan birgalikda berilgan arizasi yoki sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori asosida FHDY organida amalga oshiriladi.

Otalikni belgilash to‘g‘risidagi ariza fuqarolarning doimiy (vaqtincha) ro‘yxatdan o‘tgan joyidan qat’i nazar FHDY organi tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Otalikni belgilash ariza berilgan kuni ota-onasining ishtirokida amalga oshiriladi, ushbu qoidaga mustasno holatlar mavjud (Agar bolaning otasi sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan bo‘lsa, u holda otalikni belgilash to‘g‘risidagi arizani uning nomidan vasiylik va homiylik organining ruxsati bilan uning homiysi berishi mumkin.)

Alohida hollarda otalikni belgilash haqidagi ariza FHDY organiga bola tug‘ilmasdan oldin ham berilishi mumkin.

Bunday holatlarda bola tug‘ilgunga qadar uning tug‘ilgan vaqti va ismi haqidagi ma’lumotlar ko‘rsatilmaydi.

Bolaning tug‘ilganligi boshqa FHDY organida qayd etilgan taqdirda oldindan berilgan arizani saqlagan FHDY organi so‘rovnoma bo‘yicha uni qayd etish joyiga yuboradi.

Otalikni ishonchnoma bo‘yicha belgilashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Agar otalik bolaning tug‘ilganligi qayd etilgandan so‘ng belgilansa, otalikni belgilash haqidagi arizaga yoki sudning ushbu masala yuzasidan qaroriga bolaning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi ilova qilinadi.

Otalikni belgilashda ota-onalardan biri ishtirok etmagan taqdirda uning imzosi qonunchilikda belgilangan tartibda (notarius, O‘zbekiston Respublikasining konsullik muassasasining mas’ul shaxsi yoki tibbiyot muassasasi, FHDY organi, harbiy qism yoki jazoni o‘tash muassasasi rahbarining imzosi va muhri bilan) tasdiqlanadi.

Onasi vafot etganda, u sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki bedarak yo‘qolgan deb topilganda yoxud onalik huquqlaridan mahrum etilganda, uning yashash joyini belgilashning imkoni bo‘lmaganda voyaga yetmagan bolaga nisbatan otalikni belgilash vasiylik va homiylik organining roziligi bilan otasining arizasiga asosan amalga oshirilishi mumkin.

Bunday holatlarda arizaga quyidagi hujjatlardan biri:

onasining o‘limi haqidagi guvohnoma nusxasi;
onasi muomalaga layoqatsiz deb topilganligi to‘g‘risidagi sud qarorining nusxasi;
onaning onalik huquqidan mahrum etilganligi to‘g‘risidagi sud qarorining nusxasi;
onaning bedarak yo‘qolgan deb topilgani to‘g‘risidagi sud qarorining nusxasi ilova qilinadi.

Agar bolaning otasi sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan bo‘lsa, u holda otalikni belgilash to‘g‘risidagi arizani uning nomidan vasiylik va homiylik organining ruxsati bilan uning homiysi berishi mumkin.

Ota-onaning birgalikdagi arizasi bo‘lmagan taqdirda otalik (agar otasi yoki onasi voyaga yetmagan bo‘lsa) ota-onalardan biri yoki vasiylik va homiylik organining da’vo arizasi bo‘yicha sud tartibida belgilanishi mumkin.

Bolaning tug‘ilganligi haqidagi dalolatnoma yozuviga otasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar sud qaroriga asosan kiritiladi. Bu holda FHDY organiga qonuniy kuchga kirgan sud qarori va bolaning tug‘ilganligi haqidagi guvohnomasi taqdim etiladi.

Otalikni belgilash haqidagi ariza maxsus shaklda bo‘lishi, unda ko‘rsatilgan barcha savollarga aniq va to‘liq javob bo‘lishi lozim. Ariza FHDY organida imzolanadi, undagi ma’lumotlar arizachining shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan solishtirib ko‘riladi. Har bir ariza uning tushgan kunida ro‘yxatga olinadi.

10 yoshga to‘lgan va katta yoshdagi bolaga nisbatan otalik uning roziligi bilan belgilanadi. Bunda bolaning roziligi ota-onasi tomonidan berilgan arizada uning shaxsiy imzosi bilan ifodalanadi va uning imzosi FHDY organi xodimi tomonidan tasdiqlanadi.
FHDY organi otalikni belgilash haqidagi ariza asosida tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuviga tegishli o‘zgartirishlar kiritadi.

Agar otalikni belgilash 16 yoshga to‘lgan shaxsga nisbatan amalga oshirilsa, u holda ota to‘g‘risidagi ma’lumotlar o‘zgartirilishi lozim. Bola to‘g‘risidagi ma’lumotlar familiya, ism va ota ismini o‘zgartirish tartibi va qoidalari bo‘yicha kiritiladi.

Otalik, bolaning otasi boshqa ayol bilan qonuniy nikohda turganligidan qat’i nazar, belgilanadi. Shu sababli otalikni belgilashda uning xotinining roziligi talab etilmaydi.

Agar bolaning tug‘ilganligi haqidagi dalolatnoma yozuviga otasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar nikoh tuzilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma yoki otalikni belgilash haqidagi arizaga asosan kiritilgan bo‘lsa, u holda dalolatnoma yozuvida ko‘rsatilgan ota haqidagi ma’lumotlar sud tartibida bekor qilinmay turib, boshqa shaxs tomonidan bu bolaga nisbatan otalik belgilanishi mumkin emas.

Agar bolaning tug‘ilganligi haqidagi dalolatnoma yozuvi yo‘qolgan bo‘lsa, u holda tug‘ilganlik haqida dalolatnoma yozuvi tiklangandan so‘ng otalik belgilanishi mumkin.

Agar tug‘ilganlikni qayd etish va otalikni belgilash ayni bir vaqtda amalga oshirilsa, u holda bolaga familiya ota-onaning kelishuvi bo‘yicha bir yo‘la beriladi, otasi haqidagi ma’lumotlar berilgan arizaga binoan yoziladi. Bunda yolg‘iz ona arizasi talab qilinmaydi.

16 yoshga to‘lmagan shaxsga otalik belgilanadigan hollarda bolaning ota ismi otaning ismi bo‘yicha o‘zgartiriladi (yoziladi).

Agar bolaning tug‘ilganligi haqidagi dalolatnoma yozuvida ilgari ko‘rsatilgan ota ismi bolaning otasi deb yozilgan shaxs ismi bilan to‘g‘ri kelmasa, u holda FHDY organi otalikni belgilashni rad etishga va ota-onasidan bu masala bo‘yicha tushuntirish xati talab qilishga haqli emas.

Agar ota-onaning nikohi bolaning tug‘ilganligi qayd etilgandan keyin qayd etilgan bo‘lsa, ushbu nikoh tuzilganlik haqidagi dalolatnoma yozuviga bolaning otasi haqidagi ma’lumotni yozish uchun asos bo‘lolmaydi.

Bunda bolaning tug‘ilganligi haqidagi dalolatnoma yozuviga otasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar otalikni belgilash haqidagi arizaga muvofiq kiritiladi.

Otalikni belgilash haqidagi arizaga asosan FHDY organi bolaning tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuviga otasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni shu kuniyoq kiritadi va tug‘ilganlik haqida yangi guvohnoma beradi.

Agar tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvi boshqa FHDY organida qayd etilgan bo‘lsa, u holda otalikni belgilash haqidagi arizani qabul qilgan FHDY organi dalolatnoma yozuvini qayd qilgan FHDY organiga dalolatnoma yozuviga o‘zgartirish kiritish haqida elektron axborot tizimi orqali xabarnoma yuboradi.

Dastlabki dalolatnoma yozuvini qayd qilgan FHDY organi ikki ish kunida dalolatnoma yozuviga zarur o‘zgartirish kiritib, dalolatnoma yozuvini elektron axborot tizimi orqali tasdiqlaydi hamda otalikni belgilash haqidagi arizani qabul qilgan FHDY organi gerbli guvohnomani chop etib beradi.

O‘zgartirishlar kiritgan FHDY organi tomonidan bu haqda tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvining ikkinchi nusxasiga (dalolatnoma yozuvi bir nusxada qayd etilgan holatlar bundan mustasno) tegishli o‘zgartirishlarni kiritish uchun adliya boshqarmasining idoraviy FHDY arxiviga “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimi orqali xabarnoma yuboradi.

Agar bolaning tug‘ilganligi haqidagi dalolatnoma yozuvi MDH davlatlarida qayd etilgan bo‘lsa, u holda otalikni belgilash haqidagi arizani qabul qilib olgan FHDY organi uni yoki ushbu masala bo‘yicha sud qarorini (rus tilidagi tarjimasi bilan), tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma bilan birga tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvini qayd etgan FHDY organiga yuboradi.

16 yoshgacha bo‘lgan bolaga otalikni belgilashda dalolatnoma yozuvlariga o‘zgartirish kiritish qoidalari qo‘llanilishi mumkin, ya’ni bolaning faqat familiyasi va ota ismi emas, balki ismi ham o‘zgartirilishi mumkin.

Categories: Uncategorized