Skip to main content

Jeyn Eyr

Jeyn Eyr

#book_review

Muallif: Sharlotta Bronte
Nomi: Jeyn Eyr
Sahifalar soni: 736
Nashriyot: Yangi asr avlodi
Tarjimon: Fozil Tilovatov
Birinchi nashr: 19-oktabr 1847-yil
Janr: avtobiografik roman, maishiy-ijtimoiy, tarbiyaviy, romantik, sosiokritizm(социокритика)

Reviewni so’zboshidan boshlayman. Shubhasiz, kitobni ilk marta qo’lga olib va kitob tugagandan so’ng qayta so’zboshiga qaytish ikki xil hissiyot, ikki xil tuyg’u tuyishga majburlaydi. Menda ham shunday bo’ldi. Dastlab, kitobni bookstoreda birinchi marta ko’rganimda yangi nashr va klassika ekanligi, bundan bir necha yuz yil oldin nashr etilganini his etdim. Muqova yoqdi. Sahifalar soni ko’pligi esa ayni muddao. Biroq, qayta polkaga solib qo’ydim. Vaqt sinovi. 3 kundan keyin qaytib kelganimda ham kitob qo’ygan joyimda turardi. Sotib oldim va o’qishni boshladim. Asar tili va yozilish uslubi juda nafis, nozikta’b. Yoqishni boshladi. (bundan oldin kitob haqida hech vaqo bilmas edim). Menda bor mashhur bookbloglarga shu nom ostida qidiruv berdim, ammo to’liq bir reviewni uchratmadim. Juda qiziq. Mutolaada davom etdim va bu kitob meni o’ziga butkul asira qilib oldi. Kitobni sevdim. Ha, shunaqasi ham bo’lar ekan. Asar ichida silliq suzayotganimda, to’satdan men mingan vagon qoyatosh burchagiga urilib ketgandek bo’ldi va menda biroz sarosima. «Shunda kimdir yulduzli tun kabi alpozda, oldga tomon qadam tashladi». Baxtli yakun. Biroq, men bunday yakundan ko’ra qahramonning joni uzilishi yaxshiroq edi deb o’ylayman. Jeynning passiv harakati esa ichimdagi nimanidir tirnab yubordi. Klassik adabiyot meni juda ta’sirchan qilib qo’ydi. Bu kitobni o’qiyotgan payt davomida ko’z yoshi to’kmaslikning iloji yo’q.
Jeyn Eyr mardonavor xarakterga ega qiz. Kitob Jeyn tilidan hikoya qilinadi. Ota-onasidan erta ayrilgan qizaloq tog’asining vasiyati tufayli tog’asining xotini qaroviga o’tadi. Bu uyda na bir ro’ shnolik va na bir iliq munosabat ko’rgan miss axiyri ichidagi barini to’kib soladi va shu ishi uchun madaniyatsizlikda ayblanib, Lovud xayriya maktabiga yuboriladi. Tabiatan tirishqoq va qaysar Jeyn maktabni muvaffaqiyatli yakunlaydi va tarbiyachi muallima vazifasida Rojester qasrida ishlay boshlaydi.
Jeynning favqulodda keskin javoblari, aql-idroki uy egasining e’tiboridan chetda qolmaydi.
Asarda din, sevgi-muhabbat, matonat, qat’iyat va h.k. mavzular ko’tarilgan.
Xullas, kitob haqida boshqa ma’lumot berishni istamayman. Sizga faqat o’qing deya tavsiya bera olaman. Shunday benazir asardan quruq qolishingizni istamayman. Asarda siz kutgandanda ko’p narsa bor. Hattoki, ayrim joylari detektiv tus olgan. O’qib ko’ring va keyin muhokamalashamiz. Siz Jeynning harakatini qanday baholaysiz? Kitobni tezroq o’qib tugatishingizni va tezroq siz bilan muhokamalashishni istayman. Fikrlaringiz qiziq.

*(Mutolaa o’zini sabr-bardoshli, har qanday keskinlikka chidayman deb hisoblovchilar uchun.

 

©Ruxshona Akbarova Akmalovna

Categories: Uncategorized